Misr G‘azo sektoridan kelayotgan qochqinlar uchun xavfsiz yo‘lak ochishdan bosh tortdi, deb xabar bermoqda Reuters.
Mamlakat rasmiylari AQSH va boshqa davlatlar bilan anklavga gumanitar yordam yetkazish masalasini muhokama qilayotgan bo‘lsa-da, qochqinlar uchun yo‘lak ochishdan bosh tortgan. Bu haqda Reuters’ga Misr xavfsizlik xizmatining yuqori martabali amaldorlari ma’lum qildi.
Falastin—Isroil mojarolarida tez-tez vositachi bo‘lib kelgan Misr ikkala tomon ham o‘z chegaralarida qolishi kerakligini ta’kidlamoqda. Misr rasmiylariga ko‘ra, bu falastinliklar uchun davlatchilik huquqini himoya qilishning yagona yo‘li.
AQSH Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Misr va Isroil hukumati bilan muzokaralar o‘tkazilayotgani haqida gapirgandi.
“Bu maslahatlashuvlar davom etmoqda”, — dedi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken.
G‘azo sektori janubda Misr bilan chegaradosh. Hozir sektorda gumanitar falokat ro‘y bermoqda, chunki shifoxonalar to‘lib-toshgan, kuni kecha yagona elektr stansiyasi ishlashdan to‘xtadi. Energiya yetishmasligi tufayli mahalliy aholi suvdan ham mahrum bo‘ldi.
Izoh (0)