Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanidagi Sechanko‘ldan 57 yoshli erkakning jasadi topildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Marhumning qizi Yulduz Avazovaning “Daryo”ga murojaat qilib, ma’lumot berishicha, otasi 57 yoshli Zokir Toshev 2023-yilning 5-oktyabr kuni yashash uyidan ishlash uchun chiqib ketgan.
.jpg)
Otam 2023-yilning 5-oktyabr kuni ishlash uchun Koson tumanidan Mirishkor tumanidagi Sechanko‘lga ketgandi. O‘sha kuni otam baliq ovlash maqsadida soat 15:00—16:00 oralig‘ida ko‘lga tushib ketgan. Va ko‘ldan shu bilan qaytib chiqmagan, — deydi marhumning qizi Yulduz Avazova.

Marhumning qiziga ko‘ra, Zokir Toshevning dom-daraksiz yo‘qolgani haqida ularga 7-oktyabr kuni xabar berilgan.
Bizga xabar berilishicha, o‘sha kuni otamning oldida sherigi bo‘lgan. Sherigi suvdan suzib chiqqan. Otamni ham suzib chiqqan deyapti. Lekin na qirg‘oqda bor, na suvda (marhumning qizi otasi topilishidan avval bu gaplarni aytgan, marhum 10-oktyabr kuni tushdan so‘ng topilgan), — deydi murojaatchi.

Marhumning qiziga ko‘ra, otasining o‘sha kuni birga bo‘lgan sherigi ular baliq oviga borganida to‘lqin bo‘lib, ikkita qayiq ag‘darilib ketganini, o‘zlari suzib qirg‘oqqa chiqqanini aytib bergan.
“O‘sha kuni bir yarim soatlar birga suzdik. Ammo qorong‘i tushgach, otang suzib oldinlab ketdi. Men u kishini ko‘rmay qoldim, uzoqlashib ketdi. Shu bilan yo‘qotib qo‘ydim. Demak, menga yordamchi olib keladi deb o‘yladim”, deyapti sherigi. Otamning sherigi o‘sha kuni ancha suzib, ko‘ldan chiqqan. O‘zlari yashash joyiga borgan. Otamni ko‘rmagach, o‘zlari izlagan. Lekin topisholmagan, — deydi marhumning qizi.
Murojaatchilar marhumning o‘limida kimningdir qo‘li borligini, qasd qilingan bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qilmoqda.
Yulduz Avazovaning aytishicha, otasi besh kun davomida izlangan. Ammo topilmagan. U otasini qidirish ishlari sust ketayotganidan shikoyat qilgandi.
“Daryo” muxbiri mazkur holatni aniqlashtirib, maqola saytga joylanayotgan paytda marhumning qizi otasining jasadi topilganini bildirdi.
Avvalroq mazkur ko‘lga IIB xodimi cho‘kib ketgani taxmin qilinib, o‘n kun jasadi qidirilgandi. Qidiruv ishlarining o‘ninchi kunida marhum topilgandi.
Izoh (0)