Turkiya bundan buyon Bryusseldan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun shart va talablarni qabul qilmaydi, dedi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 1-oktyabr kuni Turkiya parlamentidagi chiqishi chog‘ida.
“Biz Yevropa Ittifoqiga berilgan barcha va’dalarni bajardik, biroq ular o‘z va’dalarining deyarli hech birini bajarmadi”, — deya Erdo‘g‘onning so‘zlarini keltiradi AFP.
Anqara “ittifoqqa qo‘shilish jarayonida hech qanday yangi talab yoki shartlarni qabul qilmaydi”, dedi Erdo‘g‘on.
“Turkiya bizni 40 yildan beri darvozasi oldida kuttirgan Yevropa Ittifoqidan endi hech narsa kutmaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“Bryussel Turkiyaga talab qo‘ya olmaydi”
Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, agar Yevropa Ittifoqi turk fuqarolariga nisbatan “viza rejimi kabi adolatsizliklarni” tuzatmasa, Bryussel endi Turkiyaga siyosiy, iqtisodiy va harbiy talablar qo‘yishga haqli bo‘lmaydi.
“Agar Yevropa Ittifoqi faqat qog‘ozda mavjud bo‘lgan kirish jarayonini yakunlash niyatida bo‘lsa, bu uning qarori”, — dedi Erdo‘g‘on.
Turkiya 1999-yilda Yevropa Ittifoqiga kirish uchun ariza bergan. 2005-yilda boshlangan ittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar 2016-yil oxirida to‘xtatilgan. Reuters agentligining qayd etishicha, uzoq vaqt davomida Erdo‘g‘on a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni faollashtirishga qiziqish bildirmagan, biroq 2023-yilda u Turkiya parlamenti Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini ma’qullagunga qadar Bryussel Anqara uchun Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lini ochishi kerakligini aytdi.
Izoh (0)