Turkiya armiyasi Iroq shimolidagi Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) nishonlariga havodan zarba berdi. Ta’kidlanishicha, 20 ta obyekt yo‘q qilingan.
“Iroq shimolida Metina, Hakurk, Qandil va Gara hududlaridagi terrorchilar nishonlariga aviazarbalar berildi”, — deyiladi Turkiya Mudofaa vazirligining Twitter (X) ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.
Turkiyada faoliyati taqiqlangan KIP Anqara markazida, Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. KIP bayonoti tashkilotga yaqin ANF agentligining internet sahifasida e’lon qilindi.
KIP vakillarining ta’kidlashicha, “aksiya” davomida partiya a’zolari Ichki ishlar vazirligi binosiga kirib, bir qo‘riqchini o‘ldirgan. Vazirlik esa hodisada ikki politsiyachi yengil jarohat olgani va ular orasida o‘lim holatlari qayd etilmagani haqida bayonot bergan.
Anqara markazidagi Qizilay maydonida 1-oktabr kuni ertalab IIV binosi yonida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda terrorchilardan biri halok bo‘ldi, ikkinchisi “zararsizlantirildi”.
Ma’lumot uchun Kurdiston ishchilar partiyasi Turkiyadagi kurdlar huquqlari va kurd muxtoriyatini yaratish uchun kurashmoqda. KIP 1978-yilda tuzilgan. Tashkilot Turkiya, AQSH va Yevropa Ittifoqida terrorchi sifatida tan olingan.
Izoh (0)