Xitoy harbiy aviatsiyasi yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda, ijtimoiy tarmoqlarda uchish sinovlaridan o‘tayotgan yangi jangovar samolyot surati paydo bo‘ldi. Bu haqda The Aviationist xabar berdi.

Kadrlarda samolyot ikkita havo kirish joyiga ega ekanini ko‘rish mumkin. Bu uning ikkita dvigatelli bo‘lishi ehtimolini oshiradi. U uchburchaksimon qanot, cho‘zinchoq burun va korpus bilan bir butunlashgan fyuzelyajga ega. Bunday konstruktsiya radarda aniqlanish ehtimolini keskin kamaytiradi. Odatda bu turdagi uchoqlar uzoq masofali zarba beruvchi operatsiyalarda ishtirok etadi.
Samolyot masofadan boshqariladimi yoki uchuvchi ishtirokida ishlaydimi — hozircha noma’lum. Uni qaysidir avlod qiruvchi samolyotiga kiritish ham qiyin masala. Mutaxassislar fikricha, yangi uchoq Xitoyning ilgari ma’lum bo‘lgan J-36 yoki J-50 stels-qiruvchilariga o‘xshamaydi. Harbiy tahlilchi Andreas Rupprext bu yangi turdagi qiruvchi yoki yirik jangovar dron bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

J-36 Chengdu kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, hozircha turi noma’lum dvigatelga ega yirik samolyotdir. Ayrim mutaxassislar uni qiruvchi-bombardimonchi sifatida baholagan. Uchoq uzoq masofaga zarba bera oladigan ko‘plab qurollarni tashishga qodir.
J-50 (yoki J-XDS) esa J-36’dan ancha kichik va zamonaviy qiruvchilar kabi ikkita dvigatelli. Ushbu samolyotni Shenyang kompaniyasi ishlab chiqqan. Ehtimol, u J-36’ga nisbatan arzonroq bo‘ladi.
Izoh (0)