Rossiya harbiylari tomonidan Ukrainaga qarshi qo‘llanayotgan Shahed-136 dronlarida Hindistonda ishlab chiqarilgan qismlar topildi. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ma’lum qildi.

Tekshiruvga ko‘ra, dronning quvvat blokida Hindistonda yig‘ilgan, xalqaro Vishay Intertechnology kompaniyasi ishlab chiqargan ko‘prik to‘g‘rilagich moduli o‘rnatilgan. Sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi antennasida esa Hindistondagi Aura Semiconductor kompaniyasining chipi qo‘llangan. Ukraina bu masala bo‘yicha kamida ikki marta Hindiston Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilgan.
Hindiston TIV matbuot kotibi Randhir Jaysval mamlakat ikki maqsadli tovarlarni faqat xalqaro majburiyatlar va ichki qonunlarga to‘liq rioya qilinganini tasdiqlovchi tekshiruvdan so‘ng eksport qilishini aytdi.
Aura Semiconductor hammuassisi Kishore Ganti esa kompaniya eksport nazorati qoidalariga to‘liq amal qilishini ta’kidladi. Shuningdek, komponentlar kompaniya ruxsatisiz “uchinchi shaxslar orqali” harbiy mahsulot ishlab chiqaruvchilarga yetib borishi mumkinligini tan oldi.
“Biz bunday faoliyatga qat’iyan qarshimiz va qoidabuzarlik aniqlansa chora ko‘ramiz”, — dedi u.
U tovarlar Ukrainaga qarshi urushda ishlatilganidan xabar topgach, kompaniya yakuniy xaridor kim ekanini aniqlash uchun audit o‘tkazgani, biroq aniq javob olishning imkoni bo‘lmaganini aytdi.
Rossiya 2022-yil oxiridan beri Shahed 136 kamikadze dronlaridan, jumladan, frontdan tashqaridagi shaharlarga zarba berish uchun foydalanmoqda. Ukraina Xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Eron dastlab Moskvaga 2000 ta shunday dron yetkazib bergan. Keyinchalik ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyada yig‘ish uchun zavod ishga tushgan. Ukraina Qurolli kuchlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, iyul oyining o‘zida Rossiya Ukrainaga 6297 ta shunday dron uchirgan.
Izoh (0)