Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina kassetali bombalardan “keng ko‘lamda” foydalanayotganini aytdi. Uning fikricha, AQSH rasmiylari kassetali bombalarni “ukrainaliklar qo‘li bilan” ishlatmoqda.
Putin Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralardan so‘ng Ukraina jang maydonida kassetali o‘q-dorilardan foydalanyaptimi, degan savolga javob berar ekan, “Ulardan eng keng ko‘lamda foydalanilmoqda”, — dedi.
Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, “Amerika tomoni o‘zini istisno deb hisoblaydi”. “Hatto AQSHning o‘zi jinoyat deb hisoblaydigan ishlarni ham amalga oshirishdan tap tortmaydi, chunki AQSH bu holatda ukrainaliklar qo‘li bilan kassetali bombalardan foydalanmoqda”, — dedi u.
Kassetali bombalarning asosiy xususiyati ular portlaganda, o‘nlab kichikroq bombalarni chiqaradi. Portlamay qolgan kassetali bombalar ko‘chirilayotgan paytda ko‘pincha portlab ketadi. Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, ulardan foydalanish tinch aholi orasida katta talafotlarga olib keladi. Kassetali bombalar 2010-yilgi Oslo konvensiyasi bilan taqiqlangan. Ushbu konvensiya Rossiya Federatsiyasi, AQSH va Xitoy tomonidan imzolanmagan.
Izoh (0)