Armaniston o‘z xavfsizligi kafolati sifatida Moskvaga boshqa tayana olmaydi. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Politico nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, bunga asosiy sabab Ukrainadagi urushdir. “Ukrainadagi voqealar natijasida Rossiyaning imkoniyatlari o‘zgardi”, — dedi Pashinyan.
U, shuningdek, Armaniston strategiyasi bu vaziyatda imkon qadar boshqalarga qaramlikni kamaytirishga harakat qilish bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“Qo‘shnilarimiz bilan muammolarimiz bor. Qo‘shnilar bilan muammolarni hal qilishga boshqalarni, kim bo‘lishidan qat’i nazar, taklif qilishga qaratilgan model juda zaifdir”, — dedi Armaniston bosh vaziri.
Armaniston hukumati rahbari, shuningdek, Qorabog‘da vaqtincha joylashgan Rossiya tinchlikparvar kuchlarini o‘z majburiyatlarini bajarmaganlikda aybladi, biroq “agar ular Qorabog‘da bo‘lmaganida, hozir vaziyat yaxshiroq bo‘lardi, deb ayta olmayman”, deb taʼkidladi.
Umuman olganda, Armaniston bosh vaziri AQSH, YI va Rossiya vositachiligida Ozarbayjon bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
“Agar biz kuchli, boqiy davlatchilikka ega bo‘lishni istasak, avvalo, o‘ta jiddiy qadamlar tashlashimiz, qo‘shnilarimiz bilan munosabatlarimizni tartibga solish borasida o‘ta jiddiy harakat qilishimiz kerak”, — dedi u.
Izoh (0)