Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2022-yilda eng ko‘p foyda ko‘rgan va eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatini e’lon qildi.
Eng ko‘p foyda ko‘rgan korxonalar o‘ntaligi
Birinchi o‘rinni 15,3 trillion so‘m bilan jahonda oltin ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblangan Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) egalladi. Bu O‘zbekistonda yillik sof foydasi 1 milliard dollardan oshgan yagona kompaniyadir.
Undan keyingi o‘rinni qariyb 6,6 trillion so‘mlik foyda bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) egalladi. NBU esa 2,4 trillion so‘m bilan uchinchi o‘rindan joy oldi. Taqqoslash uchun, O‘zbekiston milliy banki 2021-yil yakuni bo‘yicha top-10 talikka ham kirmagan edi.
Eng ko‘p foyda ko‘rgan korxonalar o‘ntaligidan, shuningdek, “Navoiyuran”, “Navoiyazot”, “O‘zmetkombinat”, UzBAT, 75 foiz davlat ulushi Vengriyaning OTP bankiga sotilgan “Ipoteka bank”, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zavtosanoat” ham joy oldi.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan korxonalar o‘ntaligi
Eng ko‘p zarar ko‘rgan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” bo‘ldi — 2022-yilni 4,3 trillion so‘m zarar bilan yakunladi. Ikkinchi o‘rinni UzGasTrade egalladi. Eng ko‘p zarar ko‘rgan korxonalar qatoridan “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Toshshahartransxizmat”, “Hududiy elektr tarmoqlari” ham o‘rin oldi.
2022-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, davlat ishtirokidagi korxonlar soni 2144 tani tashkil etgan. Shundan 231 tasi — aksiyadorlik jamiyati, 871 tasi — mas’uliyati cheklangan jamiyat va 1042 tasi — davlat unitar korxonalari hisoblanadi.
Izoh (0)