Ayni vaqtda bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahrida Aziya Invest Favorit MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joylardagi xonadonlarning fuqarolarga sotilishi yuzasidan kelib chiqqan nizoli vaziyat qatnashchilari bilan uchrashuv o‘tkazayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. “Daryo” muxbirining Toshkent shahar prokuroriga tayanib ma’lum qilishicha, mazkur MCHJ rahbariga nisbatan uy qamog‘i qo‘llanilgan.
Toshkent shahar prokurori Erkin Yo‘ldoshevning so‘zlariga ko‘ra, avvalboshidan mazkur holat firibgarlik bilan boshlangan. Aziya Invest Favorit MCHJning 34 foiziga egalik qilgan Xayrulla Hatamov 14 marotaba sudlangan. Bu iqtisodiy sudlarda ko‘rib chiqilgan.
“Unga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Unga va oila aʼzolariga tegishli bo‘lgan 200 milliard so‘mlik mulklari xatlandi”, — deydi prokuror.
Ta’kidlanishicha, u “O‘zsuvtaʼminot”ga tegishli bo‘lgan yerda noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Uy qurish uchun Toshkent shahar hokimining qarori bo‘lmagan.
“Uy olish uchun 1 106 nafar fuqaro shartnoma tuzib aldangan. Ayrim holatlarda 1 ta xonadan 2 nafar shaxsga sotilgan. Shuningdek, xonadonlar bankka garovga qo‘yib yuborilgan. Tergov jarayonida 2 ming nafardan ortiq fuqaro bilan suhbat o‘tkazildi. Tergov ishlari davom etmoqda”, — deya qayd etadi Toshkent prokurori.
Izoh (0)