Namangan xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistonining Madina shahriga ilk parvoz amalga oshirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Panorama Airways aviakompaniyasiga qarashli A-320 rusumli havo kemasi 134 nafar yo‘lovchini Namangandan Madinaga olib ketdi. Aviakompaniya oldinroq Toshkent va Samarqanddan ushbu yo‘nalishdagi qatnovlarni bajarayotgan edi. Endi ular safiga Namangan ham qo‘shildi.
Aeroport mutasaddilarining “Daryo”ga bildirishicha, Namangan—Madina—Namangan yo‘nalishidagi parvozlar haftasiga to‘rt maratoba amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu yangi reys, xususan, Umra safariga yo‘l olayotgan ziyoratchilar uchun qulaylik tug‘diradi: ular to‘g‘ridan to‘g‘ri muqaddas manzilga yo‘l olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda Namangandan Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Kuvayt va Saudiya Arabistoni kabi davlatlarning 19 ta shahriga xalqaro reyslar amalga oshirib kelinmoqda.
Izoh (0)