Kishinyov politsiyasi Rossiyaning Moldovadagi elchixonasi darvozasiga borib urilgan Mercedes rusumli avtomashina haydovchisini qo‘lga oldi. Bu haqda respublika Ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi diplomatik missiya darvozasini urib, shikastlagan, shundan so‘ng u voqea joyidan qochishga uringan. Politsiya mashinani Strasheni shahriga ketayotganda topdi. Politsiyaning to‘xtash haqidagi talablariga qaramay, haydovchi harakatni davom ettirib, yo‘lda yana ikkita mashinani urib yuborgan. Oxir-oqibat politsiya Strasheni tumanida mashinani majburan to‘xtatgan.
Politsiya hech kim jabrlanmaganini aytdi.
Rossiya elchixonasi hozircha voqea yuzasidan izoh bermadi.
Moldova — Rossiya munosabatlari
2023-yil fevralida Moldova hukumati mamlakatda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini, harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan diversantlar tez orada hukumat binolariga hujum qilib, odamlarni garovga olishi mumkinligini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina razvedkasi “Rossiyaning Moldovadagi siyosiy vaziyatni yo‘q qilish rejasini” barbod qilganini aytdi. Shundan so‘ng mamlakatda mitinglar bo‘lib o‘tdi, ammo vaziyatning keskinlashuvi kuzatilmadi.
Iyul oyida Moldova hukumati Rossiyaning “ko‘plab dushmanona harakatlari”ga javoban Rossiyaning Kishinyovdagi elchixonasi xodimlaridan o‘n nafar diplomat va 15 nafar texnik xodimni qisqartirishga qaror qildi.
Izoh (0)