Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri 20 000 dan 50 000 gacha ukrainaliklar bir yoki bir nechta a’zosidan ayrilgan. Bu haqda Ukrainaning Houp Foundation xayriya tashkilotiga hamda nemis protezlarini ishlab chiqaruvchi Ottobock kompaniyasiga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.
Ottobock keltirgan ma’lumotlarda qo‘l-oyog‘idan ayrilgan 50 000 ukrainalik haqida so‘z boradi. Bu raqam hukumat va tibbiyot muassasalari maʼlumotlariga asoslanadi, deb tushuntirdi nashr. WSJ ta’kidlashicha, haqiqiy ko‘rsatkichlar bundan yuqoriroq bo‘lishi mumkin, chunki protezlash jarayoni uzoq vaqt talab etadi.
Kiyevda joylashgan Houp Foundation xayriya jamg‘armasining xabar berishicha, 200 ming ukrainalik og‘ir tan jarohatlarini olgan, shundan 10 foiz holatda amputatsiya (tana a’zosini kesib tashlash) zarur bo‘lgan.
WSJ qayd etishicha, bu ko‘rsatkichlarni Birinchi jahon urushidagi holat bilan solishtirish mumkin, o‘shanda 67 000 germaniyalik va 41 000 britaniyalik oyoq-qo‘lidan ayrilgandi. Shu bilan birga, o‘sha paytda amputatsiya ko‘pincha jarohatdan keyingi o‘limlarning oldini olish uchun yagona yechim bo‘lgan.
Urush boshida amputatsiyalarning asosiy sababi artilleriya va raketa hujumlari paytida olingan jarohatlar bo‘lgan, hozir esa ko‘pchilik front chizig‘iga qo‘yilgan minalardan yaralanmoqda. Shifokor Konstantin Militsaning so‘zlariga ko‘ra, hozir asosiy janglar ketayotgan Zaporojye viloyatidagi kasalxonalarga bemorlarning 40-80 foizi qo‘l-oyoqni kesishni talab qiluvchi jarohatlar bilan yotqizilmoqda.
Ukrainalik shifokorlarni tayyorlaydigan global harbiy jarrohlar guruhi rahbari Aaron Epshteynning aytishicha, G‘arb harbiy tibbiyoti Ikkinchi jahon urushidan keyin hali bunday ko‘lamdagi jarohatlarni ko‘rmagan edi.
Protezlarning narxi 50 ming yevrogacha yetishi mumkin. Ukraina hukumati harbiylar uchun protez muolajasiga 20 ming yevrogacha mablag‘ ajratmoqda, xayriya tashkilotlari esa tinch aholiga yordam bermoqda, deb yozadi WSJ. Ukrainalik shifokorlarning aytishicha, hozir sog‘liqni saqlash tizimiga yuk haddan oshib ketgan, ayrim bemorlar protez uchun bir yildan ko‘proq kutishga majbur bo‘lmoqda.
Izoh (0)