Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik hamda ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi samarali aloqalar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha, shu jumladan energetika, tog‘-kon, oziq-ovqat, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda yangi loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi, xususan, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Izoh (0)