Qashqadaryoda 2532 ta tojik kavragi o‘simligiga zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Dehqonobod tumanida Ekologiya bo‘limi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan tezkor reyd davomida aniqlangan. Reyd davomida tadbirkorlik subyekti tomonidan “Torqopchig‘oy” massivi o‘rmon xo‘jaligi hududida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 2532 ta tojik kavragi o‘simligiga zarar yetkazilgani, ildizi kavlanib, kesilgani aniqlangan.
Holat natijasida o‘simlik dunyosiga jami 1 milliard 253 ming so‘m zarar yetkazilgan. Hozirda holat yuzasidan tegishli hujjatlar to‘planib, prokuraturaga yuborilgan.
Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida bunday holat 16-iyul kuni ham qayd etilgandi: 753 tup tojik kavragi o‘simligi ildiz qismlari kavlanib, kesilgani aniqlangan. Oqibatda o‘simlik dunyosiga 372 million 735 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan tojik kavragi o‘simligiga 2023-yildan boshlab 3 yilga moratoriy joriy etilgan.
Izoh (0)