Germaniyaning Rheinmetall konsernining zirhli mashinalar ishlab chiqarish zavodi Ukrainada quriladigan bo‘lsa, Rossiya armiyasi uchun qonuniy nishonga aylanadi. Bu haqda 20-iyul kuni Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
“Agar zavod qurilsa, Ukraina mudofaa majmuasining boshqa obyektlari qatori Rossiya qurolli kuchlari uchun qonuniy harbiy nishonga aylanadi”, — dedi diplomat brifing chog‘ida.
18-iyul kuni Rheinmetall 1,3 mlrd yevroga 155 millimetrli artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ikkita yangi yirik buyurtma olingani haqida ma’lum qilgan. Bunga Ukraina mojarosi tufayli harbiy omborlarni to‘ldirish zarurati sabab bo‘lgan, deb yozadi “Gazeta.ru”.
6-iyul kuni Rheinmetal bosh direktori Armin Papperger yaqin 12 hafta ichida konsern Ukrainada mudofaa zavodini ochishini ma’lum qildi. Shuningdek, u Germaniyaning eng yirik qurol ishlab chiqaruvchisi ukrainalik harbiy xizmatchilarni zavodda ishlab chiqarilgan tanklar va boshqa zirhli mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatishni o‘rgatishini aytdi.
4-iyul kuni Germaniya Mudofaa vazirligi Ukraina 2023-yilning birinchi yarmida nemis qurollarini eng ko‘p olgan davlatga aylanganini ma’lum qilgandi. Mamlakat rasmiylari Kiyevga 1,65 milliard yevro miqdorida qurol-yarog‘ va harbiy texnika yetkazib bergan.
Izoh (1)
захар яна захар ишлатияптида