O‘zbekiston Transport vazirligi hududlarda norentabel avtobus yo‘nalishlaridan ko‘rilgan zarar qoplab berilayotganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2023-yilning ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha jami 7 milliard 285,1 million so‘m mablag‘ tashuvchilarning hisob raqamlariga o‘tkazib berilgan.
Xususan, Namangan viloyati 1 milliard 728,8 million so‘m, Farg‘ona viloyati 1 milliard 564,1 million so‘m, Andijon viloyati 1 milliard 36,4 million so‘m, Toshkent viloyati 986,4 million so‘m, Xorazm viloyati 619,2 million so‘m, Navoiy viloyati 510,4 million so‘m, Samarqand viloyati 339,8 million so‘m, Jizzax viloyati 236,5 million so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 138,3 million so‘m, Surxondaryo viloyati 82,2 million so‘m, Buxoro viloyati 43 million so‘m mablag‘lar qoplab berilgan.
Qolgan viloyatlarda tashuvchilar tomonidan ko‘rilgan zararlar miqdori bo‘yicha hisob-kitoblar topshirilmagan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-oktabrdagi “Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashuvchilar tomonidan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus yo‘nalishlarida ko‘rilgan zararlar miqdori har chorak yakuni bo‘yicha subsidiya ajratish yo‘li bilan qoplab berilmoqda.
Bir necha kun oldin “Toshshahartransxizmat” AJga respublika budjetidan Toshkent shahar mahalliy budjetiga ajratilgan ssuda mablag‘lari hisobidan Cheklangan tariflar bo‘yicha yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatish munosabati bilan shahar yo‘lovchi tashish transporti tashuvchilari ko‘radigan zararlarni qoplash xarajatlari uchun 18 milliard so‘m ajratilishi ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)