Toshkentda yangi katta va o‘ta katta sig‘imli avtobus va elektrobuslar harakatlanishni boshlagani sabab jamoat transportidan foydalanuvchilar soni oshdi.
Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yo‘lovchi tashuvlari 2023-yil may oyida kunlik 782 ming nafar yo‘lovchini tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 478 ming nafarni tashkil etgan (o‘sish 63 foiz).
2023-yil may oyida kunlik 1330 ta avtobus yo‘nalishga chiqarilgan bo‘lsa, 2022-yilning shu davrida kunlik avtobuslar soni 806 tani tashkil etgan (40 foiz o‘sish).
2023-may oyida amalga oshirilgan kunlik qatnovlar soni 16 741 tani tashkil etgan. 2022-yilda ushbu ko‘rsatkich 10 424 tani tashkil etgan (ya’ni 60 foizgacha oshgan).
Ma’lumot uchun, 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200 dona 18 metrli va 500 dona 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar hamda 300 dona 12 metrli elektrobuslar xarid qilish belgilangan.
Izoh (0)