Eronda kamida 60 nafar talaba qiz hijob o‘rash haqidagi qonunni buzgani uchun darslardan chetlashtirildi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Jurnalistlari tomonidan olingan videolarda intizom qo‘mitalari va rejim tarafdorlari metro, ko‘cha va universitetlarda ayollar va qizlarni ta’qib qilishi ko‘rsatilgan. Har qanday taqiqlarga qaramay, butun mamlakat bo‘ylab universitet talabalari o‘zlarini hijobsiz suratga olgan.
Mamlakatda yosh ayollarni hibsga olishlar soni ortib borayotgani aytilmoqda. Ular hijob o‘rash qonuniga rioya qilmasa, jiddiy oqibatlarga yuzlashishidan ogohlantirilgan.
Nashr bilan suhbatlashgan to‘qqiz nafar talaba universitetga kirish taqiqlanganidan keyin o‘qishni davom ettirish rejalari noma’lumligini aytdi.
“Bizni hijob o‘rashdan bosh tortganimiz uchun ommaviy ravishda kampusdan haydashmoqda, so‘nggi bir necha kun ichida esa tinch norozilik bildirganimiz uchun ta’qib qilindik”, — deydi Tehrondagi universitet talabalaridan biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari ularni “sinflardan majburan haydab chiqargan”. Talaba ularga yordam bergan ustozlar ham kampusdan haydalganini ta’kidladi.
Eron universitetlari talabalar kengashi kamida 40 nafar talaba qiz hijob qoidalariga “to‘liq rioya qilmagani” uchun “darslardan chetlashtirilgan”ini aytdi.
Shunga qaramay, Erondagi inson huquqlari faollari (HRAI) kamida 64 talaba darslardan chetlashtirilgani, uch nafari esa o‘qishdan chiqarilganini bildirdi.
Talabalar universitet xavfsizlik kuchlari yotoqxonalarda reydlar o‘tkazayotgani va talabalarni namoyishchilar va mahkumlarni qo‘llab-quvvatlagan postlari uchun haydab chiqarayotganini iddao qildi.
Izoh (0)