Amsterdamdagi kuchli “Poly” to‘foni tufayli Schiphol aeroportida 300 dan ortiq reyslar bekor qilindi, NS va Arriva temiryo‘l operatorlari mamlakat shimolidagi barcha reyslarni keyinroqqa qoldirdi. Bundan tashqari, elektr taʼminotidagi uzilishlar tufayli bir qancha avtomagistrallar to‘sib qo‘yilgan va shaharlarda tramvaylar harakati to‘xtatilgan.
Ko‘pgina sohilbo‘yi hududlar aholisiga joylarda shamol tezligi soatiga 145 kilometrga yetishini hisobga olib, bugun uyda qolish tavsiya etildi. Mamlakatning shimoliy hududlarida bo‘ron xavfi haqida ogohlantirishning eng yuqori darajasi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda Reuters.
Meteorologlarning fikriga ko‘ra, “Poly” barcha davrlarning yozgi bo‘ronlari ichida eng kuchlisi bo‘ldi.
Odatda, bu mintaqada eng kuchli bo‘ronlar oktabr va aprel oylari orasida sodir bo‘ladi. Niderlandiya aholisiga favqulodda vaziyatlar xizmati xabarlariga amal qilish, uylarini tark etmaslik, faqat zarurat tug‘ilganda ko‘chaga chiqish va shu bilan birga kanal va daryo qirg‘oqlaridan uzoqroq turish tavsiya etilmoqda.
Rasmiylar hozirgacha Amsterdamda kuchli shamol natijasida ikki kishining jarohatlangani, ularning mashinalariga daraxtlar qulagani haqida xabar bergan.
Izoh (0)