Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Xitoy yetakchisi Si Szinpin Vladimir Putinni Ukrainada yadro qurolidan foydalanishdan ogohlantirgani haqidagi xabarlarni uydirma deb aytdi.
Rossiya va Xitoy rahbarlarining yadro qurolidan foydalanmaslik haqidagi suhbati haqida Financial Times xabar bergandi. Muloqot Xitoy rahbarining mart oyida Moskvaga tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgani aytilgan.
“Yo‘q, men buni tasdiqlay olmayman”, — dedi Kreml matbuot kotibi.
Peskov davlat rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar mazmun-mohiyati uchrashuv yakunida qabul qilingan hujjatlarda bayon etilganini, qolgan narsalar “uydirma” ekanini ta’kidladi.
Xitoyning Ukraina urushidagi pozitsiyasi
Pekin Ukrainaning hududiy yaxlitligi tarafdori, biroq urush haqida fikr bildirayotganda betaraf qoladi.
“Xitoyning Ukrainaga nisbatan pozitsiyasi tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Xitoy tomonlarni oqilona bo‘lishga va tinchlik muzokaralari uchun birgalikda shart-sharoit yaratishga chaqiradi”, — degan Xitoy rahbari.
Siyosatchi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen ham ishtirok etgan uchrashuvda Pekin har doim o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, o‘z pozitsiyasini mustaqil belgilashini aytgandi. U ustuvor vazifa harbiy harakatlarni to‘xtatishga ko‘maklashish, urushni keskinlashtirish va muammolarning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini bildirgan.
Izoh (0)