Qozog‘iston bilan chegarani belgilashga oid shartnoma ratifikatsiya qilindi, deb xabar bermoqda “Huquqiy axborot” Telegam-kanali.
Ma’lum qilinishicha, 30-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida O‘zbekiston—Qozog‘iston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilindi.
Senatning 23-iyun kuni bo‘lib o‘tgan qirq ikkinchi yalpi majlisida ushbu qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullangandi. Muhokama chog‘ida hujjat Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan uning 2022-yil 21-dekabr kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangani bilan alohida ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlangandi va shartnoma ratifikatsiya qilinishi ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda kengaytirishga xizmat qilishi qayd etilgandi.
Shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi davlat chegarasining demarkatsiya qilingan chizig‘i uzunligi 2 356 kilometrdan ortiqdir. Shartnoma bilan O‘zbekiston—Qozog‘iston Davlat chegarasini belgilash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini taʼminlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.
Izoh (0)