iOS 17 operatsion tizimining beta-versiyasida Apple Music’ning maxfiy xususiyati aniqlandi – mazkur servisda ijtimoiy tarmoqning ayrim imkoniyatlari paydo bo‘lgani aytib o‘tilmoqda. Bu haqda 9to5Mac portali xabar berdi.
Foydalanuvchilar endi do‘stlari tinglayotgan musiqani birgalikda tinglash uchun ularga obuna bo‘lish imkoniyatiga egalar.
Do‘stingizning profilida siz ommaviy pleylistlar ro‘yxatini, shuningdek, ular kuzatib boradigan qo‘shiqchilar ro‘yxatini ko‘rishingiz mumkin. Misol uchun, 9to5Mac tahririyati Apple katta vise-prezidenti Eddi Kyuning Apple Music’dagi akkauntida Coldplay guruhining pleylistini topa oldi.
Qayd etilishicha, qaysi musiqa tinglayotganingizni hech kim bila olmasligi uchun profilingizni yopib qo‘yish imkonini beruvchi sozlama mavjud.
9to5Mac jurnalistlari “maxfiy ijtimoiy tarmoq” deb atagan yangi funksiya iOS 17 beta-versiyasining barcha foydalanuvchilari uchun allaqachon mavjud. Mazkur operatsion tizim keng doiradagi foydalanuvchilarga joriy yilning kuzida taqdim etilishi kutilmoqda.
Izoh (0)