Armaniston Ozarbayjon harbiylari Yerasx qishlog‘ida qurilayotgan metallurgiya zavodini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Ozarbayjon esa armanistonlik harbiylar Naxichevan hududidagi qishloqni o‘qqa tutganini da’vo qilmoqda.
“19-iyun kuni soat 13:25 da Ozarbayjon Qurolli kuchlari bo‘linmalari Yerasx shahrida xorijiy sarmoya hisobiga qurilayotgan metallurgiya zavodida turli kalibrli o‘q otish qurollaridan o‘t ochdi”, — deyiladi Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida. Qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma’lumot yo‘q.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, soat 13:35 da arman harbiylari Naxichevan Muxtor Respublikasi Sadarak viloyatining Haydarobod aholi punkti yo‘nalishida Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini o‘qqa tutgan.
“Ozarbayjon armiyasining harbiy bo‘linmalari mazkur hodisaga javoban tegishli choralarni ko‘rdi”, — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
Joriy yilning 31-may kuni Tog‘li Qorabog‘ning Mardakert viloyatida o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishi qayd etilgandi.
Izoh (0)