Namanganda 62-Xalqaro gullar festivali doirasida Farg‘ona vodiysi moda haftaligi boshlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Ushbu haftalikda nafaqat vodiy, balki mamlakatning boshqa hududlaridan hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya dizaynerlari shaxsiy kolleksiyalari bilan qatnashmoqda.
Haftalikning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
“Namangan O‘zbekistonning o‘ziga xos tekstil markaziga aylanib bormoqda. Bizda Hugo Boss, Baldessarini, Digel kabi mashhur brendlar o‘z mahsulotlarini tayyorlamoqda. Shu bois modalar haftaligi aynan Namanganda o‘tayotganiga aslo taajjublanmasa ham bo‘ladi”, — dedi viloyat hokimi.
Gala-konsert va yorqin shou tariqasida o‘tgan ochilish marosimida mahalliy va xorijiy dizaynerlar turfa liboslar turkumini taqdim etdi.
Namanganlik tomoshabinlar esa ularni gullar va olqishlar bilan qarshi oldi.
Izoh (0)