Toshkent shahrida 18-may kuni kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha II xalqaro forum bo‘lib o‘tadi. Tadbirda iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Abxijit Banerji ham qatnashadi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi “Daryo”ga maʼlum qildi.
Forum O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va Islohotlar markazi hamkorligida tashkil etilmoqda. Tadbirda 200 dan ortiq delegatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etishi kutilmoqda. Xususan, forumga iqtisod bo‘yicha Alfred Nobel nomidagi mukofot sovrindori, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha global tashabbusi J-PAL hammuassisi Abxijit Banerji tashrif buyuradi. Shu bilan birga, Jorj Vashington universitetining farovonlik iqtisodiyoti va kambag‘allikni o‘lchash bo‘yicha iqtisod professori Jeyms Foster, Oksford kambag‘allikka qarshi kurashish va inson kapitalini rivojlantirish tashabbusi direktori Sabina Alkayr singari olimlar kelishi kutilmoqda.
Markaz xabariga ko‘ra, forumdan maqsad — kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganish, ijtimoiy himoya va manzilli yordamga oid tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirish, inson kapitalini takomillashtirish masalalarini muhokama qilish. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha erishilgan natijalar va oldindagi rejalarni tahlil qiladi, o‘zaro fikr almashadi.
Forum doirasida hamkorlikka oid bir qator hujjatlarni imzolash va qo‘shma kommyunikeni qabul qilish rejalashtirilgan. Jumladan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda J-PAL global tashabbusi o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolanishi kutilmoqda.
Izoh (0)