Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova London shahridagi Butunjahon ta’lim forumi doirasida ta’lim vazirliklari delegatsiyalari bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Britaniya Kengashi Maktablar, kasbiy ta’lim va noan’anaviy ta’lim bo‘yicha Global direktori Mark Gerbert bilan muzokara chog‘ida vazir Hilola Umarova O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limidagi islohotlarning to‘rt asosiy yo‘nalishida Britaniya kengashi bilan hamkorlik olib borilishini ma’lum qildi.
ODILO onlayn ta’lim texnologiyalari tashkilotining global tijoriy vitse-prezidenti Skot Smit bilan o‘tgan uchrashuvda onlayn-ta’lim platformasi imkoniyatlaridan foydalangan holda maktabdan tashqari ta’lim yo‘nalishida o‘quvchilar bilimini mustahkamlashning moslashtirilgan raqamli ta’lim tizimini joriy qilish, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega o‘quvchilarni o‘qitishga moslashtirilgan kontentdan foydalanish istiqbollari bo‘yicha fikr bildirildi.
ETS xalqaro ta’limda baholash tashkiloti Bosh direktori Amit Sevak bilan o‘qituvchilar kasbiy mahoratini baholovchi Praxis imtihonlarini O‘zbekiston ta’lim tizimiga adaptatsiya qilish, o‘qituvchi va maktab rahbarlari uchun malaka oshirish kurslari va ularning kasbiy baholash testlarini joriy qilish, ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul jarayonlarida talabgor o‘quvchilarning ingliz tilini bilish darajasini baholovchi TOEFL Junior testlaridan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.
Izoh (0)