Afg‘onistonning Balx viloyati markazi Mozori Sharif O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati bilan umumiy chegaraga ega bo‘lib, ushbu ikki davlat aholisining ham madaniyati, ham odatlari mushtarakdir.
Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda o‘zbek palovi, Afg‘onistonda esa afg‘on palovi deb atalmish, Afg‘onistonning aksar o‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholisi tomonidan pishiriladigan palov har ikki davlatda ham o‘z tarafdorlariga ega.
Mozori Sharif shahrida 500 dan ortiq restoran mavjud va eng mashhur restoranlardan biri “Muso Palovi” nomi bilan mashhurdir. “Daryo”ning Afg‘onistondagi muxbiri ushbu restoranning oshpazi va mijozlari bilan suhbatlashdi.
Afg‘on palovi kunjut yog‘i bilan pishiriladi, oshpazning so‘zlariga ko‘ra, uning mahalliy va xorijdan mijozlari juda ko‘p. “Muso Palovi” restoranida osh uchun boshlang‘ich narx ikki dollardan 25 dollargacha baholanadi. Restoran mutasaddilarining ta’kidlashicha, narxlar mijozlarning buyurtmasiga ko‘ra o‘zgartirishi mumkin.
Afg‘on taomlarining aksariyati xamirli va go‘shtli, palov esa Afg‘onistonning eng mashhur va milliy taomidir. U Afg‘oniston shimolida, O‘zbekiston va Eronning Xuroson mintaqasi kabi mamlakatlarda juda mashhur.
Afg‘on palovini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan masalliqlar qatoriga qo‘y go‘shti, sarimsoq, piyoz, shakar, sariq yoki qizil sabzi, mayiz, pista va bodom, shuningdek, zira va kashnich urug‘i kiradi.
Shirin ta’mga ega ushbu to‘yimli taom Afg‘onistonning eng mazali taomlaridan biri bo‘lib, u turli mintaqalarda turli usullarda pishiriladi.
Palov Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida, jumladan, Balx, Juzjon, Saripul va Faryobda eng ko‘p tarafdorlariga ega bo‘lib, mazkur viloyatlarda “o‘zbek palov”, “turkman palov” deb nomlanadi.
Izoh (0)