Vazirlar Mahkamasi qarori bilan mamlakatda aerovokzal, temiryo‘l va avtobus vokzallarida xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanadi.
“Aerovokzal, temiryo‘l va avtobus vokzallarida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Qaror bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:
- aeroportlarning aerovokzal majmualarida va vokzal oldidagi maydonlarda xavfsizlikni taʼminlash tartibi to‘g‘risida;
- temiryo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilar va tashrif buyuruvchilarning qo‘l yuki va bagajini ko‘zdan kechirish, ularning temiryo‘l vokzallarida (stansiyalarida) bo‘lishi tartibi to‘g‘risida;
- avtovokzallarda (avtostansiyalarda) yo‘lovchilar va tashrif buyuruvchilarning qo‘l yuki va bagajini ko‘zdan kechirish, ularning avtovokzallarda (avtostansiyalarda) bo‘lishi tartibi to‘g‘risida.
Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, jumladan aerovokzal majmualari binolariga kirish joylariga yaqin kelib to‘xtash uchun faqat yo‘nalishsiz va yo‘nalishli taksilarga ruxsat etiladi, shaxsiy avtomobillar va jamoat transporti yo‘lovchilarni va tashrif buyuruvchilarni olib ketish va olib kelish uchun mo‘ljallangan avtomobil turargohi va to‘xtash joylariga yo‘naltiriladi.
Estakadadan foydalanish uchun yo‘lovchi tashish avtotransportlariga ruxsat beriladi. Bunda yengil avtotransportlarga estakadada 5 daqiqagacha hamda avtobus va mikroavtobus avtotransport vositalariga 10 daqiqagacha to‘xtab turishga ruxsat beriladi.
Barcha turdagi avtotransport vositalari aerovokzallar majmualari chegarasidan 30 metrdan kam bo‘lmagan masofada joylashtiriladi.
Bundan tashqari, temiryo‘l vokzallarida ko‘zdan kechirishdan o‘tish vaqti yo‘lovchilarning poyezdga chiqishga kechikishi uchun shart-sharoitlar yaratmasligi zarurligi aytildi. Bunda ko‘zdan kechirish vaqtini qisqartirish maqsadida ko‘zdan kechirish tartib-qoidasini soddalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Izoh (0)