Polsha rasmiylari Ukrainaga bir nechta MiG-29 qiruvchi samolyotlarini topshirdi. Bu haqda Polsha prezidentining xalqaro masalalar bo‘yicha vakili Marchin Pshidach 3-aprel kuni RMF radiostansiyasi efirida ma’lum qildi.
“Bilishimcha, bir nechta MiG-29 samolyotlari allaqachon yuborilgan”, — dedi u.
“Mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, agar birinchi partiyaning topshirilishi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu jarayon allaqachon yakunlangan”, — deya qo‘shimcha qildi Pshidach.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Polsha yaqin bir necha yil ichida ushbu qiruvchilarni yanada zamonaviy variantlariga almashtirishni rejalashtirgan.
Polshada 28 ta MiG-29 qiruvchisi bor. Ular Malbork shahridagi aviabazada joylashgan.
16-mart kuni Polsha prezidenti Anjey Duda Kiyev yaqin kunlarda Varshavadan birinchi to‘rtta MiG-29 qiruvchi samolyotini olishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qolgan samolyotlarga hozirda texnik xizmat ko‘rsatilmoqda, ular tayyorlanib, so‘ng yetkazib beriladi.
Izoh (0)