O‘zbekiston va Qozog‘iston shaharlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar soni ko‘paytirilishiga doir kelishuvga erishildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, 2-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston aviatsiya maʼmuriyatlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev hamda Qozog‘iston Fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi raisi Talgat Lastayev rahbarligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, kelishilgan yo‘nalishlarda muntazam aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar natijasiga ko‘ra tomonlar fuqaro aviatsiyasi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha quyidagi kelishuvlarga erishdi:
- Ostona–Toshkent–Ostona hamda Olmaota–Toshkent–Olmaota yo‘nalishlarida muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish;
- O‘zbekiston aviakompaniyalari muntazam yo‘lovchi qatnovlari uchun Qozog‘iston hududida qo‘shimcha 5 ta shahar (Qarag‘anda, Ust-Kamenogorsk, Pavlodar, Kokeshtau, Taraz) belgilash;
- Qozog‘iston aviakompaniyalari muntazam yo‘lovchi qatnovlari uchun O‘zbekiston hududida qo‘shimcha 6 ta shahar (Qarshi, Farg‘ona, Buxora, Andijon, Navoiy, Termiz) belgilash.
Izoh (0)