Toshkent shahar Chilonzor tumanida 11-sinf o‘quvchisi “parallel” sinfdoshini pichoqlab qo‘ydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga maʼlum qildi.
Xabarga ko‘ra, holat 21-fevral kuni soat, taxminan, 11:20 larda Chilonzor tumani 3-mavzeda joylashgan 162-sonli maktabda sodir bo‘lgan. Shu maktabning 11-V sinf o‘quvchisi — 2005-yil 1-avgust kuni Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Chilonzor tumanida yashovchi A.S. ushbu maktabning 11-A sinf o‘quvchisi —2005-yil 24-mart kuni Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan I.R. bilan 3-dars tugaganidan so‘ng maktab 1-qavatining hojatxonasi oldidagi yo‘lakda janjallashgan.
Kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida A.S. o‘zi bilan olib yurgan oshxona pichog‘i bilan I.R. qorin qismiga bir marta urib, tan jarohati yetkazgan. Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazining maʼlumotnomasiga asosan I.R.da qorin oldi devorini teshib kiruvchi kesilgan sanchilgan jarohati borli aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)