Samarqand viloyatida gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida 18,2 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, viloyat prokuraturasi organlari tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari davomida aniqlangan 700 ta holatda gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida, 18,2 milliard so‘m miqdorida zararlar aniqlangan. Mazkur noqonuniy holatlar yuzasidan 40 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, noqonuniy holatlar yuzasidan iqtisodiy sudlarga 28 milliard so‘mlik 344 ta daʼvo arizasi kiritilishi taʼminlandi.
Bugungi kunda yetkazilgan zararning 2 milliard so‘mdan ortig‘i qoplanishi taʼminlandi. Shuningdek, egasi aniqlanmagan energiya resurslari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda davlat va jamiyat manfaatlariga 1,2 milliard so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlanib, mazkur holatlar yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishildi.
Bundan tashqari, viloyat prokuraturasi tomonidan shakllantirilgan ishchi guruh tomonidan energiya resurslarini ko‘p isteʼmol qiluvchi hamda energiya resurslari ko‘rsatkichlari tegishli dasturlarida qayd etilmayotgan yirik ulgurjilar ro‘yxati shakllantirilib, o‘rganilmoqda.
Izoh (1)
Ислохотни халкни ичидан бошлаш керак