Toshkent shahrida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish uchun maxsus davlat muassasasi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, ko‘p qavatli avtoturargohlar maxsus davlat muassasasiga yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratgan holda davlat budjeti hisobidan yoki davlat xususiy-sherikchilik asosida quriladi so‘ng profilini o‘zgartirmaslik sharti bilan tadbirkorlarga tayyor biznes sifatida sotiladi.
Avtoturargohlarni o‘z tannarxining 10 foiz miqdorida boshlang‘ich qiymatida elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish imkoniyati taqdim etiladi.
Mazkur joylar qurilishini moliyalashtirish respublika va mahalliy budjet daromadlarining rejadan orttirib bajarilgan qismidan teng ulushlarda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda transport vositalari oqimi to‘planuvchi kamida 4 ta manzil tanlab olinadi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkent shahar hokimligi, Transport vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qurilish tartibini tasdiqlash uchun loyihani Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Izoh (0)