Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida gaz va “svet”dan noqonuniy foydalanganlar davlatga 820 million so‘mdan ortiq zarar yetkazdi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, departamentning Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan IIB va “Qo‘qonshahargaz” bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqarolar X.A. va I.X. “Quduqlik” MFYdagi ohak ishlab chiqarish sexida 2 dona xumdon va 54 dona qo‘lbola gaz yondirgichlarni umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab olib, 672,7 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Departamentning Sharof Rashidov tuman bo‘limi tomonidan tuman ETK xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, A.B. MCHJ rahbari va boshqalar korxonaga qarashli qurilish obyektlarini tuman ETK bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 330,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qonunbuzilish holatlari oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga 821,4 million so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)