Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida sanoatni rivojlantirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish masalalari bo‘yicha tadbirkorlar bilan muloqot qilmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Prezident tumanlardagi yangi zaxiralarni ishlatib, investitsiya olib kelish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish masalasiga to‘xtaldi.
Davlat rahbari 2023-yilda Buxoroda 880 million dollarlik 703 ta korxona ishga tushirilib, 15 mingta ish o‘rni yaratilishini aytdi.
Prezident tuman hokimlari qo‘shimcha zaxiralarni topib, yangi loyihalarni amalga oshirish borasida aniq misollarni keltirdi.
Jumladan, Qorovulbozor sanoati hajmi 1 trillion so‘mga ham yetmaydi. Tumandagi pardozbop toshlar, gips va ohaktosh kabi 4 ta yirik noruda konlarga 100 million dollar investitsiya jalb qilib, yiliga 200 milliard so‘mlik mahsulotlarni ishlab chiqarishga salohiyat bor.
Yoki, 4-toifaga kirgan Jondor tumanida 42 ming tonna paxta yetishtirilsa-da, birorta to‘qimachilik korxonasi yo‘q. Ushbu tumanda ham, Shofirkondagi kabi kamida 2 ta loyihani amalga oshirish uchun, yetarli salohiyat bor.
Shuningdek, Jondordagi 2 ta mahallada 40 ta xonadon mebelchilikni, yana 3 ta mahallada 30 ta xonadon teriga birlamchi ishlov berishni yo‘lga qo‘ygan.
“Tuman hokimi tadbirkorlarga sharoit yaratib, yer va kredit masalasida yordam bersa, bemalol 20 million dollarlik 100 dan ziyod kichik loyihalarni ikki oyda ishga tushirsa bo‘ladi. Bu borada, sanoat zonalari uchun, 20 gektardan ortiq maydon ham ajratilgan”, — dedi Shavkat Mirziyoyev
Izoh (0)