Shavkat Mirziyoyev 17-fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida klasterlar rahbarlari bilan muloqot qildi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqotda bozor konyunkturasidagi o‘zgarishlar, klasterlar oldidagi dolzarb masalalar muhokama qilingan.
Buxoro viloyatida 11 ta paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyat yuritmoqda. 2022-yilda ular tomonidan qariyb 99 ming gektar yerda 358 ming tonnadan ortiq paxta yetishtirilgan. Jami 2 trillion 36 milliard so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, 3 ming 600 ta ish o‘rni yaratilgan. Tashqi bozorga qariyb 77 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.
“Qiyin bo‘lsa ham, nima uchun klaster tizimiga o‘tdik? Ilgari xalqimiz paxta ekardi, lekin shunga munosib manfaat topmasdi. Besh yil davomida klasterlarni avaylab, sharoit yaratib, shu darajaga olib keldik. Endi ular xalqparvar bo‘lishi kerak. Mayli, boy bo‘lsin, faqat hayot bilan birga, xalq bilan birga”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Klasterlar rahbarlari bugungi natijalari so‘nggi yillardagi islohotlar tufayli ekanini, bunga javoban ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha o‘zlariga mas’uliyat olishini ta’kidlashdi.
“Barcha islohotlarimizdan pirovard maqsad - xalqimizning daromadini oshirish. Kambag‘allikni yo‘q qilib, aholining xarid qobiliyatini oshirsak, tadbirkorlarning ishi ham rivojlanadi. Besh yil oldin Buxoro qanday edi, hozir qanday? Shu sur’atda davom etsa, yana besh yildan keyin natijalar bundanda yaxshi bo‘ladi. Chunki shunday buyuk, mehnatkash xalqimiz bor”, — dedi prezident.
Klasterlar faoliyatida muqobil energiyadan foydalanishni kengaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash, innovasion yechimlarni joriy etish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi. Davlat rahbari shu yerda buxorolik hunarmandlar mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi.
Izoh (0)