Qozog‘istonning Petropavlovsk shahridagi 4-maktabda o‘quvchilarga bolta bilan hujum qilgan 9-sinf o‘quvchisi ikki oyga qamaldi, deb xabar bermoqda NewTimes.
“15-fevral kuni Petropavlovsk ixtisoslashtirilgan tergov sudi voyaga yetmagan D.ga nisbatan ikki oy muddatga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini belgiladi”, — deyiladi xabarda. Suddan oldingi tergovning boshqa tafsilotlari haqida xabar berilmagan.
Hujum 13-fevral kuni sodir bo‘lgandi. Viloyat ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Nazir Jashibekovning aytishicha, bola hojatxonadan pichoq va bolta ko‘tarib chiqqan. O‘smir uch nafar o‘quvchini jarohatlagandi, ikki bola kasalxonada, ularning ahvoli barqarorlashgan, yana bir nafari tekshiruvdan so‘ng uyiga jo‘natilgan.
9-sinf o‘quvchisiga nisbatan ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirishga urinish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smir u psixiatr nazoratida bo‘lib kelgan. 2022-yilning oktabr oyidan boshlab u Olmaota shahridagi Respublika ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy markazida statsionarda davolanib, bir oydan so‘ng “umumiy ta’lim dasturi bo‘yicha o‘qishni davom ettirish” tavsiyasi bilan uyiga jo‘natilgan.
Izoh (1)
Bo'lajak Raskolnikov shekilli...