Samarqand viloyati Toyloq tumanida shaxsiy yozishmalar va suratlarni tarqatmaslik uchun erkakdan pul talab qilgan yigit ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug‘ilgan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi 22 yoshli fuqaro ayol kishi nomidan ijtimoiy tarmoqlarda sahifa ochgan. Shu orqali AQSHda ishlovchi erkak bilan tanishib, u bilan ishqiy munosabat qurgan. Keyinchalik yigit ushbu erkakdan yozishmalar va suratlarni tarqatmaslik uchun pul talab qila boshlagan. Dastlab, 400, so‘ng 200 dollar undirgan.
Shundan so‘ng yigit undan montaj qilingan suratlar va yozishmalarni tarqatib yubormaslik uchun 28 ming dollar talab qilgan. Holat yuzasidan surishtiruv natijasida uning ismi va manzili aniqlangan. U viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyati hududida ushlangan. Hozirda unga nisbatan Toyloq tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)