26-yanvar sanasiga bog‘liq diqqatga sazovor voqealar qatoridan 10 ming metr balandlikdan qulagan samolyotdan omon qolgan yugoslaviyalik styuardessa, Katta urushning kichik qahramoni — Odi Myorfi hamda Avstraliyada romga qo‘yilgan taqiq sabab kelib chiqqan isyonga oid faktlar o‘rin olgan.
Samolyot halokatidan omon qolgan styuardessa
1972-yil 26-yanvar kuni yugoslaviyalik styuardessa Vesna Vulovich 10 160 metr balandlikdan tushib ketib, omon qolgandi. U maksimal balandlikdan sakrab, tirik qolgan inson sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga ham kiritilgan.
Styuardessa uchgan samolyot havoda portlab, ikki qismga bo‘linib ketgan. Vesna Vulovich mazkur halokatda omon qolgan yagona inson hisoblanadi. Bunga esa baxtli tasodiflar zanjiri yordam bergan. Umuman olganda qizning parvozini o‘zi tasodifan ro‘y bergan.
Gap shundaki, Vesna Vulovich emas, balki uning adashi uchishi kerak edi. Biroq kompaniyada xatolik yuz bergan va bortga styuardessalik kursini oxiriga qadar yakunlashga ham ulgurmagan Vulovich yuborilgan. “Parvozlar ro‘yxatiga javob beradigan inson chalkashib ketgan. Men va boshqa bir styuardessaning ismi ham Vesna edi. Shu sababli u Vesna Nikolich o‘rniga, Vesna Vulovich deb yozib yuborgan. Aviahalokatdan keyin Nikolich ishdan bo‘shab ketgan: u umri davomida boshqa hech qachon parvoz qilmagan”, — degandi Vulovich o‘z intervyusida.
Ko‘ngilsiz hodisa 1972-yil 26-yanvar kuni ro‘y bergan. Samolyot havoga ko‘tarilganidan 46 daqiqa o‘tib, havo kemasi Chexoslovakiya hududidagi tog‘li maskanlar ustidan uchib o‘tayotganida sodir bo‘lgan. Douglas DC-9 avialayneri yangi, uchuvchilar esa mutlaq sog‘lom edi. Tergov davomida xorvatiyalik styuardessa ultrao‘nglar guruhi tomonidan shubha ostiga olingan.
Samolyot ikkiga bo‘linib ketib, katta hududga sochilib ketgandi. 28 nafar ekipaj a’zosidan faqat 22 yoshli styuardessa omon qolgan. U Chexoslovakiya hududiga kelib tushgandi. Yiqilish davomida uning bosh chanog‘i, oyog‘i, qovurg‘asi va uchta umurtqa suyagi singan. Uni halokatdan ko‘p o‘tmay Bruno Xonke ismli o‘rmon xodimi topib olgan va bu qizning hayotini saqlab qolgan. Ma’lum bo‘lishicha, Xonke harbiy shifokor bo‘lib ishlagan va Ikkinchi jahon urushi davrida katta tajriba oshirgan. Bruno qutqaruvchilar yetib kelgunga qadar birinchi yordamni ko‘rsatgan.
“Bruno meni topib olib, yuragim urayotganini aniqlagan va birinchi yordamni ko‘rsatgan. U barchasini to‘g‘ri bajargan, masalan, umurtqam singanini bilib, tanamni qimirlatmagan”, — deydi Vesna Vulovich.
Parvoz oldidan qiz o‘zini yaxshi his qilgan va halokat ro‘y berishi mumkinligini hayoliga ham keltirmagan. Biroq styuardessaning eslashicha, uchuvchilar igna ustida o‘tirgandek, o‘zlarini yomon his qilgan. Xuddiki nimadir ro‘y berishini sezgan.
Tergov hayratlanarli omon qolish jarayonini bosqichma-bosqich tiklab chiqqan. Vulovichning o‘zi nima sodir bo‘lganini eslay ham olmaydi. U hushini yo‘qotgan, yodida qolgani halokat vaqtida yo‘lovchilar salonida xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lgan.
Tergov xulosasida keltirilishicha, styuardessani yeguliklar ortilgan aravacha siqib qo‘ygani bois, uni boshqa yo‘lovchilar kabi samolyotdan uloqtirib yubormagan. Qiz eng xavfsiz joy — fyuzelyaj o‘rtasida bo‘lgan. Fyuzelyaj qorga burkangan qalin o‘rmonga kelib qulagan va bu o‘z navbatida qulashni yumshatgan.
Qizning hushini yo‘qotishi — uni havodagi o‘limdan qutqarib qolgan. Yuqori balandlikda kislorod kam bo‘ladi va aksariyat odamlar yurak yorilishida darhol vafot etadi. Vesnaning esa qon bosimi past bo‘lgani sabab hushini yo‘qotishi tezkor o‘limdan asrab qolgan.
Davolanish jarayoni uzoq va og‘ir davom etgan. Vesna 1 yilu 4 oy shifoxonada yotgan. Dastlabki 10 oy davomida u qimirlay ham olmagan, uning tanasini pastki qismi falajlangan edi. Shifokorlar qiz boshqa hech qachon yura olmasligini aytgan. Ammo Vesna juda qat’iyatli edi, fojiadan 4,5 yil o‘tgach, qiz yana yurishni o‘rgangan.
U butunlay sog‘ayib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Vesna Vulovich sog‘ayganidan keyin kompaniyaga ishga qaytgan. Ammo bu safar unga bortga ko‘tarilish talab etilmaydigan, boshqa lavozim berishgan. Qiz boshidan o‘tkazgan hodisa yomon taassurot yuzaga keltirishi mumkinligidan aviakompaniya xavotirlangan.
Qiz halokatdan besh yil o‘tib turmushga chiqqan. Biroq juftlik farzandli bo‘lmagan va 15 yildan keyin ajrashib ketgan. Vesna keksayganida deyarli parvoz qilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun puli yetmagan. Nafaqasi 400 dollar bo‘lsa, uning yarmi kvartira to‘lovi uchun ketgan. Vesna Vulovich 2016-yili 66 yoshida vafot etgan.
Katta urushning kichik qahramoni — Odi Myorfi
1945-yil 26-yanvar kuni amerikalik Odi Myorfi jang maydonida fashistlarga qarshi yolg‘iz o‘zi qolib, artilleriya kuchlari zarba beradigan nishonlarni muvofiqlashtirib turgan va omon qolgan. Mazkur jasorati uchun u AQSHdaga eng yuksak mufokot — “Shon-sharaf” medali bilan taqdirlangandi.
Odi Leon Myorfi 1925-yil 20-iyunda ijaraga olingan yerda fermerlik bilan shug‘ullanuvchi oilada dunyoga kelgan. Oila katta edi — chaqaloqligida o‘lib ketgan ikki nafar bolani hisobga olmaganda to‘qqiz nafar farzand bo‘lgan. Buyuk depressiya vaqtida Texasda yashash esa oson emasdi.
Natijada oilaning otasi qiyinchiliklarga chiday olmagan va 1939-yilda noma’lum yo‘nalishda chiqib ketib, qaytib kelmagan. Yolg‘iz ona ro‘zg‘orni tebrata boshlagan, ammo ko‘p o‘tmay kasallik uni ham olib ketgan. 1941-yilda Odi Myorfi hali 16 yoshga to‘lmasidan yetimga aylangan. Bolalarning eng kichik uch nafari yetimxonaga topshirilgan.
Yaponlar Pyorl-Xarborga hujum uyushtirib, AQSH Ikkinchi jahon urushiga qo‘shilganida Myorfi jang qilishga qaror qilgan. Katta opasi Korrina Odiga tug‘ilganlik guvohnomasidagi sanani o‘zgartirishga yordam bergan. Soxta hujjatlar bo‘yicha Myorfi 1924-yilda tug‘ilgan. Biroq yosh bola ko‘rinishiga ega yigit bilan suhbatlashgan dengiz piyodasi xodimlari uni xizmatga qabul qilishdan bosh tortgan. Bunga yigitning vazni juda yengil ekani sabab qilib ko‘rsatilgan: nomzodning bo‘yi 166 santimetr bo‘lsada, og‘irligi 50 kilogrammdan oshmas edi. Shunda Myorfi desantchilar bo‘linmasiga tushishga uringan: u vaqtda yangi qo‘shin turlari katta obro‘ga ega bo‘lmagan, ammo bu yerda ham uni qabul qilishmagan. Oxir-oqibat Myorfi piyodalar safiga yozilishga qaror qilgan, biroq komandirlar uni oshxonaga, pochtaga, qisqasi urushning qaynoq nuqtalaridan chetga yuborgan. Myorfi frontda xizmat qilgan haqiqiy askar bo‘lishni istardi.
1943-yil fevralda Myorfining polki 3-piyodalar diviziyasi tarkibida Shimoliy Afrikaga boradi. Ular yetib borguncha Tunis frontidagi urush yakunlanib bo‘lgani bois askarlar unda qatnashishga ham ulgurmagan. Yuzaga kelgan vaziyatda Myorfi hamda uning xizmatdoshlari Sitsiliyaga jo‘natilgan. Sentabr oyida diviziya Italiyaga yo‘l olgan. Askarlar vzvodi kichik to‘qnashuvlarning birida nemis asirlarini qo‘lga kiritadi.
Shundan keyin harbiylar orasida tarqalgan bezgak ularni birin-ketin olib keta boshlagan. Gospitaldan qaytgan Myorfi Ansioda joylashgan rotasida 34 kishigina qolganini ko‘rgan. Uzoq davom etgan janglardan keyin 3-diviziya 1944-yil 15-avgust tongida Fransiya janubiga yuborilgan. Bu vaqtga kelib Myorfi vzvod serjanti lavozimiga ko‘tarilgan edi. Oldingi operatsiyalar bilan taqqoslaganda qirg‘oqda qarshilik ro‘y bermagan.
Janglarning birida Myorfi kutilmaganda ikki nafar nemis askariga duch kelib qoladi va ular o‘ylanib qolganidan foydalanib, fashistlarni otib tashlaydi. Keyin u yerda yotgan qo‘l pulemyotini olib, dashtdagi nemislar makoniga o‘q uza boshlagan. Bir soat davom etgan jangda u sakkiz nafar nemisni o‘ldirgan, uch nafarini yaralagan va 11 kishini asirga olgan.
1944-yil 14-oktabr kuni Myorfi ikkinchi leytenant lavozimiga qadar ko‘tarilgan. 26-oktabrda esa uni snayper chap sonidan yaralagan. Bunga javoban u snayperning o‘zini otib tashlagan. 1945-yil yanvarda 3-diviziya nemislarning qarshiligi, sovuq va tizza bo‘yi qorga qaramay, Reynga yetib borgan. 26-yanvar kuni soat 14:00 larda nemislar — oltita tank va 200 ga yaqin piyoda bilan o‘rmondan chiqib, Myorfi rotasi joylashgan pozitsiyaga hujum boshlagan. Bu yerda Myorfi yagona ofitser edi: qolganlar halok bo‘lgan.
Jang guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, Odi Myorfi rotasiga (18 kishi) chekinishni buyurib, o‘zi dala telefoni bilan artilleriya qurollari beradigan zarba nuqtalarini muvofiqlashtirib turgan. Myorfi bir soatga yaqin nemislar hujumini yolg‘iz o‘zi qaytarib turgan. Jang davomida undan telefon orqali bir necha bor tirik yoki o‘lganini aniqlashtirishgan.
Ikki yillik muntazam urushdan keyin Odi Myorfi yana tinch zamonda yashashga o‘rgangan. Aqlbovar qilmas jasoratlari uchun u ko‘plab mukofotlarni qo‘lga kiritgan — Fransiya va Belgiya davlatlari tomonidan taqdirlangan.
1971-yilda Odi Myorfi uchgan samolyot qoyaga borib urilgan, u 46 yoshda edi. Uning nomiga Texasdagi veteranlar gospitali nomlangan.
Avstraliyada romga qo‘yilgan taqiq ortidan kelib chiqqan isyon
1808-yilda Avstraliyada “rom isyoni” sodir bo‘lgandi, u yashil qit’adagi yagona suyuqlik haydash idishining yo‘q qilinishi sabab kelib chiqqan.
XIX asr boshlarida Yangi Janubiy Uels deya nomlangan Avstraliya Britaniyaning yosh koloniyasi edi. Olis qit’ada aholini ko‘paytirish zarurati inglizlar Amerikaga mustaqillik urushida mag‘lub bo‘lgani va endi AQSHga mahkumlarni jo‘nata olmasligidan paydo bo‘lgan.
“1788-yil 26-yanvar kuni Buyuk Britaniyaning Birinchi flotiga qarashli 11 ta kema Sidney bandargohiga yetib kelgan va qirg‘oqqa ilk fuqarolarini tushirgan. Bular mahbuslar edi”, — deydi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti xodimi Dmitriy Kochetkov.
Yangi Janubiy Uels davlat ichidagi davlat edi. Koloniya uzoqda joylashgani bois uning o‘z qonunlari, iqtisodiyoti va hatto valyutasi — rom bo‘lgan. Britaniya valyutasining Avstraliyaga barqaror yetib kelishini ta’minlash qiyin edi va uning o‘rniga muqobilini topish zarurati yuzaga kelgandi.
Suyuq valyuta pullar o‘rniga eng yaxshi muqobil edi. Spirtli ichimlik issiqda buzilmagan va unga talab yuqori bo‘lgan. Biroq eng muhimi — koloniyada yagona suyuqlik haydaydigan qurilma bo‘lib, ichimlik sifati kafolatlanar, boshqa tomondan inflyatsiya himoyalangan edi.
Yangi Janubiy Uelsda romni oziq-ovqat mahsulotlariga, kiyim-kechak va hatto boshpanaga almashtirish mumkin edi. Yagona suyuqlik haydash uskunasining egasi aqlbovar qilmas darajada boyib ketgani, koloniyaning tom ma’noda rahbariga aylangani bejiz emas. Bo‘lajak Avstraliyadagi bosh samogonchi Britaniya armiyasi polkining qo‘mondoni kapitan Jon MakArtur edi.
Qit’adagi barcha harbiylar rom ishlab chiqarish va uning savdosiga aralashib qolgan. Shu boisdan koloniyadagi yagona harbiy kuch “rom qiroli” MakArtur tarafida edi. Alkogol-iqtisodiy barqarorlik yangi gubernator Uilyam Blay kelguniga qadar davom etgan.
1789-yilda Buyuk Britaniya bosh vaziri Uilyam Pittning yordami bilan “Baunti” kemasining safari tashkil etilgan. Uning maqsadi Taitidan non daraxti ko‘chatlarini Karib dengizidagi ingliz koloniyasiga yetkazish edi. Buning uchun kapitan Uilyam Blay boshchiligidagi “Baunti” yo‘lga chiqqan. Kapitan tajribali dengizchi va qattiqqo‘l komandir sifatida nom chiqargandi. Qaytishda u kemada kapitan yordamchisi Fletcher Kristian tomonidan isyon yuzaga kelgan. Blayni unga sodiq bo‘lgan matroslar bilan birga qayiqqa o‘tirg‘izib, ochiq dengizda qoldirishgan. Kichik jamoa Timorga, Yevropaning eng yaqin koloniyasiga qadar ulkan yo‘lni bosib o‘tgan. Erkaklar qariyb 6,7 ming kilometrni xarita va kompassiz bosib o‘tgan.
“Baunti”dan keyin Blay yana bir, biroq bu safar Taitidagi muvaffaqiyatli ekspeditsiyaga yo‘l oladi. Britaniyaga qaytgach esa uni Yangi Janubiy Uels gubernatori lavozimiga tayinlov kutib turgan. Blay Avstraliyaga yetib kelgach, koloniyaning butun iqtisodiyoti romga bog‘liqligini ko‘rib, bunga barham berishga qaror qilgan. Suyuq valyutadan foydalanishga qo‘yilgan taqiq mahalliy aholi orasida qattiq norozilik keltirib chiqargan, chunki rom iqtisodiyotning muqobili yo‘q edi. Funt sterlinglar oddiy odamlar tugul, gubernatorda ham bo‘lmagan. 1808-yilda vaziyat keskinlashganida Uilyam Blay qat’iy choralar ko‘rishga o‘tgan. U Jon MakArturni hibsga olish va uning suyuqlik haydash uskunasini buzib tashlashni buyurgan.
Koloniya aholisi “rom korpusi” deb atagan Jon MakArtur polka o‘z komandiri, shuningdek, muntazam daromad manbaidan ajralishni istamagan. Yangi Janubiy Uelsda qo‘zg‘alon boshlangan. Askarlar MakArturni ozod etib, gubernatorning qarorgohi tomon yo‘l olgan. Isyonchilardan qo‘rqib karovat ostiga berkinib olgan Blay qo‘lga olinib, Tasmaniyaga yetkazilgan.
Blayning hibsga olinishidan keyin Yangi Janubiy Uels yana suyuq valyutadan foydalanishga o‘tgan. Rom korpusi komandiri Jon MakArtur iste’fo berib, oddiy biznesmenga aylangan. “Rom isyoni”dan ikki yil o‘tib, koloniyaga 73-Shotland polki bilan birga yangi gubernator Laxlan Makkuori yetib kelgan. Rom korpusi Londonga qaytarilib, u yerda tarqatib yuborilgan.
Uilyam Blay esa hibsdan ozod etilgan va u Angliyaga qaytarilgan — bu yerda dengizchining lavozimi ko‘tarilib, Qirollik floti vitse-admirali etib tayinlangan. Jon MakArtur sud qilingan, ammo unga yengilroq jazo berilgan — sobiq kapitanning Yangi Janubiy Uels jamoat ishlarida ishtirok etishi taqiqlangan.
“Kun xronologiyasi” loyihasi doirasida har kuni ertalab soat 09:30 da ushbu sanaga bog‘liq eng muhim va qiziqarli voqealar yoritib boriladi.
Izoh (0)