Jahon banki prezidenti Devid Malpass 2023—2024-yillarda jahon iqtisodiyotining past o‘sish sur’atlarini prognoz qildi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu, asosan, inflyatsiyaning saqlanib qolishi va investitsiyalarning qisqarishi hisobiga sodir bo‘ladi. Iqtisodiy tiklanish esa ikki yildan keyin sodir bo‘ladi.
“O‘ylashimcha, bu uzoq davom etadigan sekinlashuv davri bo‘ladi. Sababi inflyatsiyaning saqlanib qolishi, yangi investitsiyalar hajmining qisqarishi allaqachon sodir bo‘lmoqda, agar bir-ikki yil oldinga nazar tashlasangiz, sezilarli tiklanishni ko‘rish qiyin. Iqtisodiy rivojlanishning bu sekinlashuvi 2023—2024-yillarda kuzatiladi, shekilli, — deydi Devid Malpass SkyNews’ga bergan intervyusida.
Yanvar oyi boshida Jahon banki global yalpi ichki mahsulot o‘sishi prognozini 1,7 foizgacha pasaytirdi. Tashkilot iqtisodiyotdagi har qanday salbiy hodisa retsessiyani keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlagan.
Jahon iqtisodiy forumi ekspertlari bu yilgi global retsessiyani oldindan prognoz qilgan edi. Mutaxassislar nafaqat AQSH va Yevropa Ittifoqida, balki Xitoyda ham zaif iqtisodiy o‘sishni kutmoqda.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2023-yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yarmining iqtisodiyoti Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush tufayli retsessiyaga yuz tutishini aytmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonning iqtisodiyoti birinchi chorakda pasayishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)