Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qo‘shimcha ta’til kunlarida ham bog‘cha xodimlari o‘z ish o‘rinlarida bo‘lishi kerakligini ma’lum qildi.
Vazirlar Mahkamasi bayoniga asosan, 10—18-yanvar kunlari O‘zbekiston bo‘ylab barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari vaqtincha ta’tilga chiqqandi. Qo‘shimcha ta’til kunlarida sharoitiga, isitish tizimiga qarab maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyat yuritishiga ruxsat berish hududiy hokimlar zimmasiga yuklatilgandi. Bunda hokimlik o'sha tizimda kuzatiladigan kamchiliklarga ham javobgar hisoblanadi.
Shu sababli ularning nazoratidan yaxshi o‘tgan bog‘chalargina ish faoliyatini yuritishi mumkin.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi e’lon qilgan xabarga ko‘ra, hokimlik ruxsat bermagan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham barcha xodimlar ish faoliyatini doimgidek davom ettiradi.
“Tizim bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shimcha ta’til kunlari faqat tarbiyalanuvchilar uchundir. Berilgan qo‘shimcha ta’til davrida maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari o‘z o‘rnida bo‘ladi. Tashkilotning pedagog kadrlari, ta'til kunlaridan unumli foydalangan holda, o‘zining yo‘nalishi bo‘yicha qo'llanmalar, o'qitishning yangi uslublari, yangi didaktik, harakatli o'yinlar ustida ishlashi lozim bo'ladi. Shuningdek, boshqa xodimlar ham o‘z ish o'rinlarida bo'lishi kerak (oshpazlar bundan mustasno)”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Izoh (0)