Janubiy Koreya rasmiylari 27-dekabr kuni havo hududiga Shimoliy Koreya droni kirganidan xavotirlanib, havoga jangovar samolyotlar ko‘tardi, biroq bu dron emas qushlar galasi bo‘lib chiqdi. Bu haqda KBS News xabar berdi.
27-dekabr kuni harbiy radarlar Gangva oroli hududida Shimoliy Koreyadan uchib kelayotgan noma’lum obyektni aniqladi. Bu KXDRning uchuvchisiz uchish apparati ekani qayd etildi. Shu sababli Janubiy Koreya nishonni tutib olish maqsadida havoga qiruvchi samolyotlar va vertolyotlarni olib chiqishga qaror qildi. Quruqlikdagi bo‘linmalar ham shay holatga keltirildi, aholi ehtimoliy xavf haqida ogohlantirildi.
“Biroq nishonga yaqinlashganda, bu dron emas, qushlar galasi ekani ma’lum bo‘ldi”, — dedi janubiy koreyalik harbiylar va radardagi kichik dronni farqlashi qiyinligini ta’kidladi.
26-dekabrda Shimoliy Koreya dronlari demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tib, Janubiy Koreya hududiga kirgandi. Seul ogohlantiruvchi o‘q uzib, jangovar samolyot va vertolyotlarini havoga ko‘targan. Dronlarni tutishga jalb qilingan hujumchi vertolyot Xonson okrugida qulab tushgan, bortdagi ikki kishi omon qolgandi.
Izoh (0)