Toshkent shahrida “Molochnaya kuxnya” brendi bilan mashhur bo‘lgan sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Diyor biznes” korxonasi Davlat kadastrlari palatasining noqonuniy xatti-harakatlari ortidan 1,5 milliard so‘m zarar ko‘rgan. Bu haqda jamiyat direktori Jamoliddin Is’hoqov “Daryo” nashriga qilgan murojaatida ma’lum qildi.
Noqonuniy taqiq
Korxonamiz Toshkentda muammosi bilan juda mashhur bo‘lib qolgan. O‘z paytida yerimizni tortib olishga harakat qilingan. Bu muammo 2016-yildan boshlangan edi.
Korxonamizga tegishli yer 19 sotix, juda katta joy emas, lekin shu joyni olib, rekonstruksiya qilib, 2 qavatli chiroyli zavod qurganmiz. Korxonada sut mahsulotlarini chiqarib kelayotgandik. Bizga turli tazyiqlar bo‘lgandi, ancha sudlashganmiz. Oliy sudgacha uch marta borib ham kelgandik. Oxiri yutib, joyimizga o‘zimiz egalik qildik. Kerakli joylarga murojaat qilib, o‘sha kadastr hujjatlarini ham to‘g‘rilab oldik. Bu muammo chiqqandan keyin pul zarurati paydo bo‘ldi. Bir investor topdik, o‘sha investorga joyimizni sotmoqchi bo‘lgandik. Hujjatlarimiz qo‘limizda, hammasi joyida, shartnoma tuzdik. Shartnoma bo‘yicha joyimizni 2 milliard 300 million so‘mga sotdik. Shartnoma tuzayotganimizda u odam ham dangal edi, sotadigan bo‘lsanglar pulini darhol berib qo‘yaman, menga hujjatini qilib beringlar degandi. Notariusga borganimizda rad qildi: “Sizlarning mulkingizga taqiq qo‘yilgan”, dedi. Surishtirsak, Kadastrlar palatasi taqiq qo‘ygan ekan. Palataga ham murojaat qildik, nima asos, olib tashlanglar, deb. Olib tashlashmadi.
Xaridor ham shubhalanib qoldi. Oxiri sudga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Sudda rostdan bu taqiq noqonuniy, deb topildi, lekin o‘rtada investorimiz ham qaytib ketdi: “Pulimizni qaytaring”, deb turib oldi. Zakladni olganimizga yarasha, qonun bo‘yicha ikki baravar qilib qaytarishimiz kerak. Tasavvur qiling, bor narsani sotolmasdan, shu pulning yoniga yana shuncha qo‘shib qaytarishga majbur bo‘lib qoldik. U ham tushunadigan odam edi, “Mayli, o‘z pulimni qaytaringlar, vaqtida joyni menga o‘tkazib berolmaganlaring uchun 1,5 milliard so‘mga ham roziman”, dedi. Qonun bo‘yicha biz olingan zakldani 2 baravar qaytarishga majburmiz. Xaridorga olgan 2 milliard 300 million so‘mdan tashqari yana unga 1,5 milliard so‘m qaytarib berdik.
Taqiq noqonuniy qo‘yilgani sudda isbotlangandan so‘ng qaror asosida iqtisodiy sudga bizga yetkazilgan zararni undirish maqsadida Davlat kadastrlar palatasi ustidan murojaat qildik. Sud da’vomizni rad qildi: “Sizlar taqiq qo‘yilganini bilishinglar kerak edi”, deyishdi. Tushuntirdik: oldi-sotdi qilayotganimizda qo‘limizda hujjatlarimiz bor edi, kadastrlarimiz joyida edi. Taqiq qo‘yilganini ham keyin bilib qoldik.
Apellyatsiya tarkibida yana murojaat qilishga majbur bo‘ldik, ular birinchi instansiya sudi qarorini qo‘llab-quvvatlab, yana rad javobini berishdi. Ancha harakat qildik, bir necha marta murojaat qildik, qabulga ham murojaat qilishga harakat qildik, oxiri kassatsiya tarkibida ariza kiritishga majbur bo‘ldik. Hozir ishimiz Oliy sudda ko‘rilyapti.
Shu o‘rinda bir narsaga e’tiboringizni jalb qilmoqchi edim, tayyor investorlar pul tikib, o‘z pulini ololmay, bizning misolimizda butun O‘zbekistonga o‘z ishinchimizni yo‘qotib qo‘yganimizni namoyon qilyapti bu holat.
Asossiz
Ma’muriy sudda Davlat kadastrlari palatasi nima uchun taqiq qo‘yilganini sudda asoslab berisholmadi, bir oy cho‘zishdi. Bu kimningdir og‘zaki buyrug‘i asosida qilinganini bilib turibmiz. Lekin huquqiy asoslar yo‘q. U ham mayli, ularga xusisiy ajrim ham chiqarilgandi noqonuniy xatti-harakatlariga nisbatan. Lekin shunga qaramasdan, yana o‘z ishlarini davom ettirishyapti. Hayron qolaman, sud qarori yoki ajrimini ham palata paysalga soldi. Taqiq olib tashlandi, lekin o‘rtada 1-2 oy vaqt yo‘qotdik. Lekin ish sudgacha borgach, insvestor joylaring bahsli ekan, pulimni qaytaringlar, jarimasini ham to‘langlar deb turib oldi.
Bu ham mayli, muammoning davomini eshitsangiz, yoqa ushlaysiz. 2022-yilning fevral oyida yana xabar bermasdan, Davlat kadastlari palatasi kadastr hujjatlarimizni bekor qilgan. Bekor qilinganidan keyin biz qaytadan kadastr pasportimizni shakllantirib berib, o‘z haq-huquqimiz, mulk huquqimizni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun palataga murojaat qildik. Ular asossiz yana rad javob beryapti. Buni ham sudga murojaat qilib, noqonuniy deb topib, yana palataga shakllantirilgan kadastr pasportimizni ro‘yxatdan o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Kadastr bor, ro‘yxatdan o‘tkazishmayapti. Haqligimizni isbotlab, mol-mulkimizga egalikni olganmiz. Lekin ro‘yxatga olish jarayonida palata o‘yin qildi. Oxiri sizlar noto‘g‘ri qilyapsizlar, mana, deb isbotlab berdik. Yana qaytadan kadastr pasportimizni rasmiylashtirib berishga majbur bo‘lishdi. Kadastr shuni yana ro‘yxatdan o‘tkazishga oyoq tirab turibdi. Lekin sababini asoslab berolmayapti. Sudga murojaat qildik, sud ro‘yxatga olishga majbur deb qaror chiqardi. Afsuski, muammo hali ham hal bo‘lgani yo‘q.
“Daryo” nashri so‘roviga ko‘ra Davlat kadastrlari palatasi axborot xizmati nima uchun “Diyor Biznes” jamiyatiga tegishli obyektiga taqiq qo‘yilgani yuzasidan javob berdi:
Toshkent shahar Yunusobod tumani, Shuxrat ko‘chasi, 31-uy manzilida joylashgan “Diyor Biznes” MCHJga tegishli bolalar sut mahsulotlari, tibbiy va vitamin mahsulotlarini ishlab chiqarish binosi obyektiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tomonidan 2021-yilining 24-sentabrda nizoli vaziyat bo‘lgani sababli yozuv kiritilgan edi.
Shundan so‘ng, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2022-yil 13-yanvardagi hal qiluv qaroriga asosan 4-fevral kuni Davlat kadastrlari palatasi tomonidan “Diyor Biznes” MCHJga tegishli bolalar sut mahsulotlari, tibbiy va vitamin mahsulotlarini ishlab chiqarish binosi obyektiga nisbatan nizoli obyekt yozuvi olib tashlangan va bu haqda “Diyor Biznes ” MCHJga yozma xabarnoma yuborilgan.
“Diyor Biznes” MCHJ:
Birinchidan, mening fikrimcha, kadastr xizmatlari o‘zini olib qochyapti. Terminologiya degan narsa bor, unda “taqiq” bilan “yozuv” farq qiladi. Agar yozuv kiritib qo‘yilgan bo‘lganida muayyan harakatlardan cheklanishimiz mumkin edi, lekin ular haqiqiy taqiq qo‘yib bergan. Shuni ham notariusga borganimizda bilib qolganmiz. Yana bir narsaga ahamiyat bermoqchimanki, o‘sha paytda, taqiq qo‘yilgan paytda nizolar bo‘lardi, oldindan ham bo‘lgan, keyin ham bo‘ladi. 2020-yil 18-avgustda Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi chiqargan qarori bilan hamma nizolar hal bo‘lgan.
O‘zidan-o‘zi kadastr organlari taqiq qo‘yishga haqli emas. Faqat sud qarori bilan yoki tergov, yoki notarius, mulk garovga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘shandan keyin taqiq qo‘yishga haqli edi. Lekin hech qanaqa muammo, birorta sud qarori yoki notarius qarori ham yo‘q edi. Bu o‘zboshimchalik bo‘lgan. Yana bir bor qaytaraman, bular kimningdir buyrug‘ini bajarishganiga ishonaman. Chunki sudda ham asoslab beringlar, nega taqiq qo‘ydinglar, degan savolga javob berisholmadi.
Palata axborot xizmati “Diyor Biznes” MCHJga kadastr hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish paysalga solinayotgani yuzasidan ham izoh berdi:
Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2021-yil 28-apreldagi qarori, Toshkent shahar fuqorolik ishlari bo‘yicha sudining 2021-yil 13-apreldagi ajrimi, Oliy sudi fuqorolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021-yil 27-yanvardagi ajrimi va Vazirlar Mahkamasining 09.04.2018-yil 9-apreldagi qaroriga asosan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi nomiga 2021-yil 5-yanvarda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan va “Diyor Biznes” MCHJga tayyorlangan kadastr hujjatlari bekor qilingan. Joriy yilning iyul oyida Yunusobod tumani Shuxrat ko‘chasi 31 uyga kadastr pasporti qayta shakllantirilgan.
“Diyor Biznes ” MCHJ:
Kadastr o‘zini olib qochyapti, rasmiy xabarnoma kelgani yo‘q. Uniyam to‘satdan bilib qolganmiz. Bilib qolganimizdan keyin qo‘shni ishlab chiqaruvchi korxonalardan surishtirsak, ularning kadastrini ham bekor qilgan ekan. Lekin ular sudga berib qarorni bekor qildirishgan. Shundan keyin biz kadastrimizni qayta shakllantirishga ariza bergandik. Tuman kadastr bo‘limi pasportimizni shakllantirib bergan. Bu lekin pasport olgandan keyin shahar boshqarmasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi kerak. Ana o‘shandagina, bu mulkka egalik huquqimiz ro‘yxatdan o‘tgan bo‘ladi. Shuni ham ro‘yxatga olishni rad qilishdi. Buniyam o‘z paytida, sudga berib yutib chiqdik. Ularning rad qilish holati noqonuniy deb topilib, kadastrga davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga majburiyat yuklatib qo‘yilgan. Lekin haligacha sud qarorini ijro qilishgani yo‘q.
Ijro qilmaslikka asos bo‘lmagan narsalarni gapirishadi. Qayerdan nima bo‘layotganini tushunib bo‘lmaydi, lekin biz haq-huquqimizni sud orqali tikladik. Unisi yetmayapti, bu hujjati yetmayapti kabi gaplar. Oxirgi sabab sifatida hamma hujjatlarni bermadingiz deyishyapti. Elektron shaklda yuborganmiz desak, unaqa bo‘lsa u payti pochta ishlamay qoldi, internet bo‘lmay qoldi, yuklanmadi, deyishdi. Xo‘p, mayli, deb qo‘llariga olib borib berdik. Qabul qilishdi, o‘shanda ham oxiri komissiya ko‘rayotganda hujjatlari to‘liq emas, deyishdi. Shunaqa tushunarsiz holat.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Oliy sudda ish ko‘rib chiqilmoqda.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi.
Izoh (0)