“Zakovat” intellektual olimpiadasi doirasida breyn-ring o‘yinlari finali bo‘lib o‘tdi. Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva har bir zakovatchi ortida turgan ustozlar haqidagi fikrlarini bildirdi.
“Afsuski, farzandlarimizga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar yillar davomida haq-huquqsiz, himoyasiz, qadrsiz bo‘ldi. Ulardan bog‘bon, farrosh, maktabga kelgan komissiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi ofitsiant, zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldiruvchi ‘massovka’, matbuot nashrlariga majburiy obunachi, tungi navbatchi va maktab qorovuli sifatida foydalanildi.
Endi bu ishlarni to‘xtatish vaqti keldi. Chunki o‘qituvchilar qadrini ko‘tarmas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz. O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilyapti. Bugungi intellektual olimpiada g‘oliblarini chin dildan tabriklayman!” — deb yozadi Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, 14—17-dekabr kunlari o‘tkazilgan “Zakovat” Intellektual olimpiadasi o‘z yakuniga yetdi. Umumjamoa hisobida quyidagi jamoalar olimpiadaning birinchi sovrindorlari bo‘ldi:
- 1-o‘rin: Qarshi davlat universiteti;
- 2-o‘rin: Toshkent tibbiyot akademiyasi;
- 3-o‘rin: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
G‘olib bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari quyidagi ko‘rinishda prezident sovrini bilan taqdirlanadi:
- 1-o‘rin: Universitet talabalari uchun zamonaviy kutubxona;
- 2-o‘rin: 100 ta monoblok;
- 3-o‘rin: 100 ta noutbuk.
Izoh (0)