Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi o‘z aksiyalarini xususiy investorlarga 77 dollardan sotmoqchi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Shunga asoslanib, kompaniyaning taxminiy qiymati hozirda 140 milliard dollarni tashkil etadi.
So‘nggi haftalarda Space Exploration Technologies (SpaceX) insayder aksiyalarini turli narxlarda sotish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Ammo yakunda tender taklifining bir qismi sifatida 140 milliard dollarlik taklifga rozi bo‘ldi, — dedi manbalar.
Shu bilan birga, kompaniya bunday baholashda moliyalashtirishning dastlabki bosqichi doirasida kapitalni jalb qilishga intiladimi yoki yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.
SpaceX AQSHdagi eng qimmat xususiy kompaniya hisoblanadi. PitchBook ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning iyul oyida SpaceX 127 milliard dollarga baholangan edi.
Shunday qilib, olti oy ichida kompaniyaning bahosi 13 milliard dollarga oshgan.
Avvalroq SpaceX tarixdagi birinchi kosmik sayyohni Oy bo‘ylab parvozga yuborishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)