Navoiy viloyati va Toshkent shahrida xorijga ishga jo‘natishni va’da qilgan shxslar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xatirchi tumani bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda fuqaro S.A. fuqaro U.O.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari orqali 5 000 dollar evaziga Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish uchun viza va boshqa hujjatlarni tayyorlab berishini aytib, oldindan 800 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Toshkent shahri boshqarmasi va Sergeli tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar E.X. va Sh.T. fuqaro F.O.ning ishonchiga kirib, tanishlari orqali uning nomiga Xitoydan chaqiruv taklifnomasini yubortirish va ushbu davlatga kirish vizasini tayyorlab berishlari evaziga 700 dollar va 300 ming so‘mni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)