Farg‘ona viloyati Rishton tumanida shifokor ikki fuqaro tomonidan kaltaklangani xabar qilingandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi jabrlanuvchining holati nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 12-noyabr kuni tibbiyot markaziga olib ketilayotgan bemor tez yordam mashinasida vafot etgan. Otasi hayotdan ko‘z yumganidan g‘azablangan T.T. va uning o‘g‘li G‘.X. tez tibbiy yordam xodimi B.Z.ni sababsiz urib, unga tan jarohati yetkazgan. Shifokor olgan jarohati sababli shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan.
Tegishli tibbiy tekshiruvlardan so‘ng unga o‘ng ko‘z orbitasi medial devori o‘rta va orqa yuzasi sinib siljishi, gemosinus, chap orbita medial devori deformatsiyasi, burun to‘sig‘i qiyshayishi, o‘ng ko‘z olmasi kontuziyasi, to‘rparda angiopatiyasi, o‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, o‘ng ko‘z qovoqlari lat yeyishi dastlabki tashxisi qo‘yilgan.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holatni o‘z nazoratiga olgan va hozir bemor-shifokorning ahvoli qoniqarli, tegishli davo muolajalari davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)