Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanida masjid yangidan qurilishi haqida berilgan e’lonlar orqali kelib tushgan 40 million so‘m pulni o‘zlashtirgan imom-xatibga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Qo‘shko‘pir tumanidagi “Islom bobo” jome masjidi imom-xatibi Q.I. masjid yangidan hashar yo‘li bilan qurilishi haqida og‘zaki va ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lonlar tarqatgan. So‘ng xizmat mavqeyidan foydalangan holda fuqarolardan 40 million so‘mdan ortiq pul mablag‘larini yig‘ib, masjid qurilishiga ishlatmasdan, o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘shko‘pir tuman IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Mavzuga doir: Andijonda Umraga bormoqchi bo‘lganlarning 1,4 mlrd so‘mini o‘zlashtirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Izoh (0)