Ukraina Xerson ozod qilinganidan keyin frontdagi vaziyatni to‘xtatib qo‘ymoqchi emas. Bu haqda 11-noyabr kuni milliy telemarafon efirida Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov ma’lum qildi.
“Biz hech narsani ‘muzlatib’ qo‘yolmaymiz. Biz muzlatish kamerasi emasmiz. Biz ob-havoga, faslga qaramasdan, o‘z hududlarimizni ozod qilishimiz kerak. Hech qanaqa tanaffusni ko‘zda tutolmaymiz, chunki u yerda bizning odamlarimiz bor, ular qanday azob chekayotganini, yigitlarimizni, xaloskorlarimizni ular ko‘zlarida yosh bilan kutib olayotganini ko‘ryapmiz.
Shuning uchun, mamlakatimiz prezidenti qurolli kuchlarga yuklayotgan vazifa oddiy va tushunarli — barcha hududlarimizni terrorchilardan, istilochilardan ozod qilish. Va bu albatta bajariladi. Bu vaqt talab qiladigan masala, xolos”, — dedi Danilov.
The New York Times yozishicha, Xersonni ozod etganidan keyin Ukraina qo‘shinlari hujumkor harakatlarni to‘xtatmoqchi emasligini namoyish qilmoqda. Mamlakat sharqida Ukraina qurolli kuchlari olg‘a harakatlanishda davom etmoqda hamda Rossiyaning Baxmut va Pavlovkani egallab olishga urinishlarini bir necha marta qaytargan, janubda esa Rossiyaning Dnepr chap qirg‘og‘idagi pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda.
NYT qayd etishicha, ukrainalik harbiylar va ko‘ngillilar Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Ukraina janubiy hududlari ustidan nazoratiga qarshi kurashib, ushbu ikkala front oralig‘ida, Zaporojye viloyati orqali Melitopol yo‘nalishida janubga yangi hujumlarga tayyorlanayotganiga tobora ko‘proq ishora qilmoqda.
9-noyabr kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qo‘mondonlik qiluvchi general Sergey Surovikinning taklifi bilan qo‘shinlarni Xersondan Dneprning chap qirg‘og‘iga olib o‘tishni buyurgandi. Ushbu qarorni shaharni to‘liq ta’minlash imkonsizligi va rossiyalik askarlar hayotini saqlab qolishga intilish bilan izohlashdi.
11-noyabr kuni ertalab Rossiya Mudofaa vazirligi Xersondan chekinish haqida hisobot berdi. Qayd etilishicha, Dneprning chap qirg‘og‘iga jami 30 mingdan ortiq rossiyalik harbiylar hamda besh mingtaga yaqin qurol-yarog‘ va harbiy texnika olib o‘tilgan. Shu kuniyoq shaharga Ukraina harbiylari kirib keldi.
Xerson Ukrainada 24-fevraldan buyon Rossiya armiyasi tomonidan egallab olingan yagona viloyat markazi edi. Genichesk Xersondan taxminan 200 km uzoqlikda, Azov dengizi sohillaridagi Arabatskaya Strelka yaqinida joylashgan.
Izoh (0)